Zamonaviy qurolli toʻqnashuvlarning texnologik murakkablashuvi qurolli kuchlar toʻldirishi lozim boʻlgan mutaxassisliklar doirasini kengaytirdi va notoʻgʻri tayinlov narxini oshirdi. Shunga qaramay, resurslari cheklangan koʻpgina davlatlarda kadrlarni saralash hanuzgacha qogʻoz shaxsiy ishlar, tarqoq idoraviy registrlar va ekspert-intuitiv baholashga tayanadi. Tadqiqot maqsadi — sunʼiy intellekt va yagona elektron kadrlar bazasini harbiy kadrlar boshqaruviga joriy etishning konseptual modeli hamda formal algoritmini ishlab chiqish. Ish Design Science Research paradigmasi asosida bajarilib, uch amalni birlashtiradi: 2020–2026-yillardagi 24 ta manbaning tizimli tahlili; AQSh, NATO, Janubiy Koreya, Singapur va Isroil tajribasining olti oʻlchov boʻyicha qiyosiy benchmarkingi; mezonli ekspert protokoli orqali baholanadigan artefaktni loyihalash. Natijada MIL-AIHRM besh qatlamli arxitekturasi va MIL-HRA oʻn qadamli algoritmi taklif etiladi. Yangilik risklarni prognozlashni alohida modul emas, reyting funksiyasining ayiruvchi hadi sifatida talqin qilishda va katta maʼlumotlar toʻplamiga ega boʻlmagan muassasalar uchun moslashtirilgan raqamlashtirish yoʻlini asoslashda namoyon boʻladi.
Mazkur maqolada qo‘l jangi sportida texnik-taktik tayyorgarlikning sportchilarning musobaqa natijalariga ta'siri ilmiy jihatdan tahlil qilingan. Tadqiqot davomida sportchilarning texnik usullarni bajarish sifati, taktik qaror qabul qilish tezligi va musobaqa jarayonidagi harakat samaradorligi baholandi. Pedagogik tajriba asosida ishlab chiqilgan mashg‘ulot metodikasining sportchilarning texnik-taktik tayyorgarligiga hamda musobaqa faoliyati samaradorligiga ta'siri matematik-statistik usullar yordamida tahlil qilindi. Tadqiqot natijalari texnik-taktik tayyorgarlikni takomillashtirish sportchilarning musobaqa faoliyati samaradorligini sezilarli darajada oshirishini ko‘rsatdi.
Ishlatilgan G-58I katalizatoridan palladiy oksidlovchi-xloridli eritish usulida ajratilgandan keyin qolgan γ-Al₂O₃ tashuvchisining fazaviy, morfologik va teksturaviy holatini baholash metodologiyasi ishlab chiqildi. Rentgen difraksiyasi, BET adsorbsiya usuli, SEM/EDS, granulometrik va mexanik sinovlar asosida tashuvchining qayta foydalanishga yaroqlilik mezonlari taklif qilindi. Optimal eritish rejimida γ-Al₂O₃ ning asosiy fazaviy belgilari va granulalar skeletini saqlash, palladiy qoldig‘ini kamaytirish hamda sirtni qayta faollashtirish imkoniyati asoslandi.