Ushbu maqolada gender tengligi siyosatining huquqiy asoslari, uning shakllanishi va rivojlanishida davlatning roli tahlil qilinadi. O‘zbekiston Respublikasida ayollar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarni kafolatlovchi normativ-huquqiy baza, xususan Konstitutsiya, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonun hamda boshqa tegishli me’yoriy hujjatlarning mazmuni ochib beriladi. Maqola gender siyosatini amalga oshirishning huquqiy mexanizmlari, institutlari va jamiyatdagi amaliy ahamiyatini yoritishga qaratilgan bo‘lib, gender tengligini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligi asoslab beriladi.
O‘zbekiston iqtisodiyotining barqaror rivojlanishida investision-qurilish jarayonining samaradorligi muhim o‘rin tutadi. Jahon amaliyotida mazkur jarayonni tashkil etishda developerlik xizmatlaridan foydalanish ijobiy natija bermoqda. Maqolada O‘zbekiston sharoitida developerlik faoliyatini rivojlantirish zaruriyati, uning tashkiliy-iqtisodiy afzalliklari, an’anaviy modeldan farqli jihatlari hamda uni milliy qurilish tizimiga moslashtirish yo‘nalishlari yoritilgan. Shuningdek, xorijiy davlatlar tajribasi tahlil qilinib, O‘zbekiston iqtisodiyotiga mos holda developerlik faoliyatini joriy etishning ustuvor yo‘nalishlari asoslab berilgan.
Mazkur tadqiqot ishida xizmat ko‘rsatish sohasida yashirin iqtisodiyotni oldini olish va uni bartaraf etishda zamonaviy axborot texnologiyalari asosida raqamlashtirilgan (inson omiliga bog‘liq bo‘lmagan) nazorat mexanizmlarining ahamiyati, uning iqtisodiy samaradorligi va takomillashtirish yo‘nalishlariga e’tibor qaratilgan. Muallif tomonidan Samarqand viloyatidagi xizmat ko‘rsatish sohasidagi tadbirkorlik sub’ektlari misolida raqamlashtirilgan (avtokameral) tizimi orqali yashirin iqtisodiyotni bartaraf etilishi mexanizmining iqtisodiy samaradorligini ko‘rib chiqib, uning takomillashtirish yuzasidan o‘z ilmiy-amaliy taklif va xulosalarini bayon etgan.
Ushbu maqolada davlatning kelib chiqishi haqidagi klassik nazariyalar hamda uning rivojlanish jarayoniga doir zamonaviy yondashuvlar tahlil qilinadi. Tarixiy, falsafiy va huquqiy manbalarga tayangan holda patriarxal, teokratik, ijtimoiy shartnoma, zo‘ravonlik, psixologik va organik nazariyalarning mazmuni yoritiladi. Shuningdek, davlatning shakllanishiga ta’sir qiluvchi iqtisodiy omillar, siyosiy tizimlarning evolyutsiyasi va ijtimoiy institutlarning rivojlanishi zamonaviy ilmiy qarashlar asosida ko‘rib chiqiladi. Maqolada davlat fenomenining murakkab ijtimoiy-huquqiy tabiatini ochib berish, turli nazariyalar o‘rtasidagi o‘xshashlik va farqlarni ko‘rsatish hamda hozirgi davrda davlatning rivojlanishiga doir konseptual yondashuvlarni baholash asosiy maqsad qilib olingan.
Mazkur maqolada Samarqand viloyati iqtisodiyotining tarkibiy qismlaridan biri bo‘lgan turizm va xizmatlar sektorining hozirgi holati, iqtisodiy o‘sishdagi o‘rni hamda istiqboldagi rivojlanish yo‘nalishlari ilmiy jihatdan tahlil qilinadi. Tadqiqot davomida so‘nggi yillarda turizm infratuzilmasida yuz bergan ijobiy o‘zgarishlar, xorijiy investitsiyalar oqimi, bandlik darajasi hamda xizmatlar hajmidagi o‘sish dinamikasi o‘rganildi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, Samarqand viloyatida turizm iqtisodiy o‘sishning drayver sohasiga aylangan bo‘lib, hudud yalpi mahsulotining chorak qismiga yaqinini ta’minlamoqda. Shu bilan birga, tadqiqotda mavjud muammolar aniqlanib, ularni bartaraf etish bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqildi.