08.06.2026 "Modern Science and Research" xalqaro ilmiy jurnali 1 seriyasi. Volume 5 Issue 6
Abstract. Mavzuning dolzarbligi va muammoning qo‘yilishi. Demokratik huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini qurish sharoitida inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini jinoiy tajovuzlardan ishonchli himoya qilish sud-huquq islohotlarining bosh mezonidir. Ushbu maqsadga erishish to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy qilmishlarni to‘g‘ri, adolatli va qonuniy baholashga, ya’ni jinoiy-huquqiy kvalifikatsiya jarayoniga bog‘liq. Jinoyat huquqi nazariyasida qilmishni kvalifikatsiya qilishning birdan-bir huquqiy va ilmiy asosi — bu jinoyat tarkibidir. Biroq, zamonaviy sud-tergov amaliyotida jinoyat tarkibi elementlarini bir-biridan ajratilgan holda, mexanik tarzda o‘rganish tendensiyasi hali ham saqlanib qolmoqda. Bu esa kvalifikatsiya jarayonida jiddiy xatolarga, shaxsni asossiz jinoiy javobgarlikka tortishga yoki, aksincha, ijtimoiy xavfli qilmishga huquqiy baho bermaslikka olib kelmoqda. Shu bois, jinoyat tarkibi elementlarining o‘zaro tizimli bog‘liqligini va bu bog‘liqlikning kvalifikatsiyadagi fundamental ahamiyatini eng yangi qonunchilik va sud amaliyoti kontekstida ilmiy tadqiq etish bugungi kunning eng dolzarb muammolaridan biridir.
Keywords: jinoyat tarkibi, tizimli yondashuv, jinoyat obyekti, obyektiv tomon, jinoyat subyekti, subyektiv tomon, jinoiy-huquqiy kvalifikatsiya, kvalifikatsiya xatosi, ayb, qasd, ehtiyotsizlik, sababiy bog‘lanish, sud-tergov amaliyoti, Oliy sud Plenumi qarorlari, qonuniylik va adolat prinsiplari.