30.05.2026 "Modern Science and Research" xalqaro ilmiy jurnali 1 seriyasi. Volume 5 Issue 5
Abstract. Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik huquqida ma’naviy zararni qoplash institutining nazariy-huquqiy asoslari va uni sud amaliyotida qo‘llash bilan bog‘liq dolzarb muammolar kompleks ravishda tahlil qilingan. Muallif ma’naviy zarar tushunchasining huquqiy tabiatini, uning tarkibiy elementlari hamda fuqarolik-huquqiy javobgarlik tizimidagi o‘rnini tadqiq etadi. Maqolada amaldagi Fuqarolik kodeksi hamda Oliy sud Plenumi qarorlari qiyosiy o‘rganilib, ma’naviy zarar miqdorini aniqlashda subyektivlikni kamaytirish va xolis mezonlarni (kriteriylarni) ishlab chiqish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Shuningdek, shaxsning nomoddiy ne’matlari va shaxsiy nomulkiy huquqlari buzilganda (shon-sharaf, qadr-qimmat, ishchanlik obro‘si, shaxsiy hayot daxlsizligi) yetkazilgan zararni qoplashning xorijiy davlatlar (presedent va kontinental huquq tizimi) tajribasi qiyosiy-huquqiy (komparativ) jihatdan o‘rganilgan. Sud amaliyotidagi mavjud kolliziyalar, xususan, ma’naviy zararni pul shaklida baholashda yagona metodikaning mavjud emasligi va javobgarning aybidan qat’i nazar zararni qoplatish asoslarini kengaytirish zarurati asoslab berilgan. Tadqiqot yakunida milliy qonunchilikni modernizatsiya qilish, Fuqarolik kodeksining yangi tahririga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish hamda sudlar tomonidan adolat va oqillik mezonlarini qo‘llash amaliyotini unifikatsiya qilish bo‘yicha ilmiy-amaliy taklif va tavsiyalar ilgari surilgan.
Keywords: ma’naviy zarar, nomoddiy ne’matlar, fuqarolik-huquqiy javobgarlik, kompensatsiya miqdori, adolat va oqillik mezonlari, sud amaliyoti, shaxsiy nomulkiy huquqlar, sud pretsedenti, huquqiy unifikatsiya.